Tadbirkorlik va axborot texnologiyalari PDF Печать Email
Автор: Hayrulla   
31.01.2011 04:24
Tadbirkorlik va axborot texnologiyalari
Islohot odimlari

Mamlakatimizda aloqa va axborotlashtirish sohasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilyapti. Amalga oshirilayotgan ishlar samarasi o‘laroq, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivoji tobora jadallashib bormoqda. Korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari o‘sib, so‘nggi avlod texnika va texnologiyalari joriy etilyapti. Elektron hujjat aylanishi tizimi, elektron raqamli imzo, “ZiyoNET” tarmog‘ini kengaytirish, dasturiy mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish yuzasidan muayyan ishlar qilindi. Hozirgi paytda mamlakatimizda dasturiy mahsulot chiqaradigan 230ga yaqin korxona va tashkilot ishlab turibdi, 264 nomda dasturiy mahsulot ro‘yxatga olinib, ishlab chiqarilmoqda. Shu o‘rinda mahalliy softver kompaniyalari uchun soliq to‘lovlarida imtiyozlar joriy qilingani o‘z natijasini ko‘rsatganini ham e'tirof etib o‘tish joiz.
O‘tgan 2010 yilda “Barkamol avlod yili Davlat dasturi” doirasida internet xizmatlari ko‘rsatish qiymatini yanada pasaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida 1 iyundan boshlab Xalqaro internet kanallari sig‘imi yil boshiga nisbatan 24 foizga oshirildi. Internet xizmatlari uchun belgilangan narxlar 19 foizgacha kamaytirildi. Buning samarasi sifatida internetdan foydalanuvchi fuqarolar soni 6,6 million nafardan ortganini, xalqaro tarmoqda xizmatlar ko‘rsatayotgan operatorlar va provayderlarning umumiy soni esa 965taga yetganini ko‘rsatib o‘tish mumkin. Milliy axborot resurslarini rivojlantirish uchun infratuzilma yaratish yuzasidan “O‘zbektelekom” AK “Ma'lumotlar markazi” (Data-sentr) 2010 yil 1 iyuldan boshlab test tartibida ishga tushirildi.

INVERSON Technologies SA (NEC) kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan Toshkent shahriga teleeshittirishlarni uzatish qurilmalari keltirildi va montaj ishlari tugatilib, 18 iyundan boshlab test tartibida ishga tushirildi. Bugungi kunda Toshkent shahri va viloyati hududida 25ta teledastur raqamli teleuzatgichlar orqali tarqatilmoqda. Samarqand shahrida 2010 yil 18 avgust kuni raqamli teleuzatgich ishga tushirildi. Andijon, Qarshi, Urganch va Nukus shaharlariga teleuzatgichlarni keltirish uchun tender savdolari o‘tkazildi va tender g‘oliblari bilan shartnomalar imzolandi.

Galdagi vazifa

Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 18 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 2011 yilni Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili deb e'lon qildi. Tabiiyki, taraqqiyotimizning yanada yuksak bosqichga ko‘tarilishida barcha sohalar kabi aloqa va axborotlashtirish sohasining ham o‘rni va uning oldiga qo‘yiladigan vazifalar bor.

Ma'lumki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari iqtisodiyotning turli bo‘g‘inlariga kirib borishi o‘ziga xos evolyutsiyani boshlab berdi. Avvalgi texnologiyalardan farqli ravishda AKT qo‘llanilishi va samaraliligi bo‘yicha haqiqatda universaldir. U soha tanlamaydi, har bir sohaning tarkibiy qismiga aylanib keta oladi. Yangi texnologiyalar ishlab chiqarish samaradorligini oshiribgina qolmay, vaqt va makon muammolarini hal eta oladi. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ishlab chiqarishda axborot texnologiyalaridan foydalanish sarmoyalar siyosati va biznesning xizmatlar bozori yo‘nalishida strategik ahamiyat kasb etdi.

Yaratilgan shart-sharoitlarlardan unumli foydalangan holda, innovatsion texnologiyalarni keng qo‘llash hisobiga yangi zamonaviy xizmat turlarini joriy qilish, servis infratuzilmasini rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etish galdagi zarur vazifalar qatoriga kiradi. Shu sababli ham aloqa sohasida tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor va ishlar ko‘lami joriy – Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida yanada oshirilishi tabiiy holdir.

Biznes va global tarmoq

Biznesni shakllantirishda internetning ta'sirini e'tibordan chetda qoldirish mumkin emas. Global tarmoq xizmatlar ko‘rsatish sohasini keskin rivojlantirib yubordi. Xizmatlar nafaqat real sharoitlarda, balki virtual olam orqali ham taqdim etilmoqda. Bu esa har qanday chegara va to‘siqlarni olib tashladi, jahon bozorlari eshigini ochib berdi. Demak, zamonaviy texnologiyalar yordamida nafaqat ichki bozorlarimizga, balki tashqi bozorlarga ham o‘z xizmat va mahsulotlarimizni taqdim eta olishimiz mumkin. Kichik biznes vakillari va xususiy tadbirkorlar o‘rtasida sog‘lom raqobatning yuzaga kelishi ushbu jarayonni yanada tezlashtirishi shubhasizdir. 2010 yilda Shvetsiya mamlakati qator reyting va hisobotlarda “AKT yetakchisi” deya e'tirof etildi. Shved mutaxassislari bunday muvaffaqiyat siri aholining AKT yo‘nalishiga qiziquvchanligi hamda mamlakatda mustaqil tashabbuslar keng qo‘llab-quvvatlanishi bilan bog‘liqligini ta'kidlashadi. Mazkur mamlakat vakillarining AKT yo‘nalishidagi yutuqlarini istagancha sanash mumkin. Masalan, 1993 yili kichikkina korxona sifatida tashkil topgan QlikTeckning bugungi kunda ishlab chiqarayotgan dasturiy mahsulotlaridan dunyoning 15 000dan ortiq yirik kompaniyalari foydalanib kelmoqda. Internet orqali bepul telefon aloqasidan foydalanish tizimi — mashhur Skype ham shved tadbirkorlari Niklas Zennstryom va Dane Yanus Friis tomonidan yaratilgan. Ular bu tizimni 2005 yili internet-auksion orqali 2,6 milliard dollarga sotishgandi. 2009 yili mustaqil dasturchi Markus Persson yangi kompyuter o‘yini ishlab chiqib, internetga joyladi. U bu ishi orqali ozgina haq ishlab olishni maqsad qilgan edi. Biroq o‘yin shunchalar mashhur bo‘lib ketdiki, 2010 yilda uni 500 000dan ortiq geymer 10 yevrodan sotib oldi. 31 yoshli Persson 5 000 000 yevro egasiga aylandi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shuning uchun ham HP va Microsoft kabi gigant korporatsiyalar yangi g‘oyalarga ega iqtidorli tadbirkorlarni qidirib topish uchun Shvetsiyaga o‘z skautlarini tez-tez jo‘natib turadi.

Tadbirkorlar uchun qo‘llanma

AKT imkoniyatlaridan samarali foydalanish, nafaqat shu soha vakillari, balki har bir tadbirkor uchun tobora dolzarblik kasb etib bormoqda. Albatta, bunda tarbirkorlar uchun AKT yo‘nalishida o‘ziga xos bilim talab etiladi. Yaqinda AKT yo‘nalishida taniqli mutaxassis – Sayyora Rahmonqulovaning «Tadbirkorlar uchun kompyuter» nomli kitobi tayyorlandi. Ushbu qo‘llanma kichik biznes vakillari va xususiy tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularga axborot texnologiyalari sohasida malaka oshirishlarida yordam berish maqsadida yaratilgan.

Bundan tashqari, mazkur qo‘llanma tadbirkorlarning respublika yagona axborot tizimi va xalqaro tizimiga bog‘lanish imkoniyatidan foydalanishlarida ko‘mak beradi.

Qo‘llanmadan tadbirkorlar ofisga qanday kompyuter xarid qilish va undan foydalanish, matnlar bilan ishlash, bilim va ko‘nikmalarni qanday qilib takomillashtirish, shuningdek, biznesni boshqarishda kompyuterdan foydalanish bo‘yicha savollarga javob oladilar. Kitobda asosiy e'tibor tadbirkorlarning kundalik faoliyatlaridagi ehtiyojlarini qondirishda kompyuter imkoniyatlaridan unumli foydalanishga qaratilgan. Bu borada amaliy misollar va tavsiyalar keltirilgan. Kitob yurtimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shayotgan kichik biznes vakillari va tadbirkorlarning AKT sohasida o‘z bilim va malakalarini oshirib, mehnat faoliyatlarini yanada rivojlantirishlariga yordam berishi shubhasizdir.

Xulosa

Bugun hech bir sohani axborot texnologiyalaridan ayro holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Aloqa va axborotlashtirish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning asl mohiyati ham shu jarayonni takommillashtirish, rivojlantirishdan iborat. Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlarga keng imkoniyatlar berish, ularning talab va takliflarini o‘rgangan holda istiqbolli dasturlar ishlab chiqarishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bunga misol tariqasida 2010 yilning 21 dekabr kuni O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligida soha rahbarlari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, GPS xizmat ko‘rsatuvchi hamda internet provayderlarining 70 nafardan ortiq vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Unda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr va tashabbuslar o‘rganildi. Bildirilgan istiqbolli takliflar Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili munosabati bilan tayyorlanadigan davlat dasturiga kiritilishi belgilandi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka e'tibor – davlatimiz tomonidan ilgari surilayotgan ilg‘or va taraqqiy etgan jamiyat barpo etish borasidagi siyosatning bir ko‘rinishidir. Zero, bozorlarimizni raqobatdosh va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishda, aholimizni, avvalambor, yoshlarimizni ish bilan ta'minlash va shu asnoda ularning turmush farovonligini oshirishga erishishda ayni shu soha – kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tez va jadal sur'atlar bilan rivojlantirish eng asosiy omillardan biri hisoblandi.